Universitetda “Oltin fond” tanlovi o‘tkazildi
Universitetda “Oltin fond” tanlovi o‘tkazildi
“Mahorat & Menejment” nodavlat ta’lim tashkiloti Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti buyurtmasi asosida o‘tkazilgan tender g‘olibi sifatida 3-kurs talabalari orasida “Oltin fond” guruhlariga tanlov o‘tkazdi. “Golden Group of Pedagogical University-2022” deb nomlangan ushbu universitet tarixida birinchi tanlovni o‘tkazishdan maqsad, Universitetning 3-kurs bakalavr yo‘nalishi talabalari orasidan iqtidorli va iste’dodli yoshlarni tanlab olishdan iborat bo‘ldi. “Oltin fond” guruhlariga qabul jarayonini tashkil etish uchun mas’ul Universitet Maxsus komissiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan mazkur tanlov boshlang‘ich ta’lim, matematika va informatika, biologiya hamda amaliy psixologiya yo‘nalishlarini qamrab oldi. Tanlov uch bosqichda, ya’ni birlamchi baholash (arizalarni saralash), yozma imtihon va suhbat shaklida tajribali ekspertlar va o‘z sohasi mutaxassislari tomonidan o‘tkazildi. Kasbiy soha bo‘yicha yozma imtihon va suhbat jarayonida talabalarning intellektual daraja va pedagogikaga xos psixologik sifatlar va ko‘nikmalar (tashkilotchilik qobiliyati, kommunikativ qobiliyati, jamoa bilan ishlay olish, hissiy va irodaviy sifatlar, kreativlik), bo‘lajak pedagog kadrlarning o‘z mutaxassislik fanlarini bilishi, faoliyat samaradorligi, pedagogik mahoratga layoqati, psixologik tayyorgarligi, amaliy mashg‘ulotlarni bajara olish darajasi, O’zbekistondagi ta’lim siyosati va boshqa sohalarga oid masalalar yuzasidan mantiqiy va asosli tushuntirish qobiliyati, olib borilayotgan islohotlarni anglash darajasi baholandi. Tanlovda ishtirok etish uchun ariza bergan jami 989 nafar nomzod(talaba)lardan Universitet belgilagan kvota va yo‘nalishlar kesimida nomzodlar tanlandi. 3 bosqichdan iborat tanlov jarayonida to‘plagan jami ballari miqdoridan kelib chiqib, “Oltin fond” guruhlariga kiritish uchun “Mahorat & Menejment” ekspertlari guruhi tomonidan saralab olingan nomzodlar Universitetning Maxsus komissiyasiga tavsiya etildi. Tanlov jarayonini Mahorat&Menejment ekspertlari ishonchlilik, shaffoflik va ob’ektivlik tamoyillariga asoslangan holda dastlabki saralash, yozma shakldagi imtihon, yakuniy suhbat o‘tkazish va baholash shaklida yuqori saviyada va yaxshi kayfiyatda o‘tkazishdi. Saralash natijalari universitetning www.tdpu.uz caytida e’lon qilib borildi.